Rektor murojaatnomasi


 

MUROJAATNOMA

Assalomu alaykum, hurmatli ota-onalar va qadrli abituriyentlar. Yurtimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarga mutanosib ravishda bizning institutimizda ham qabul va o‘quv jarayonlaridagi har qanday korrupsion holatlar, ta’magirlik va firibgarlikka qarshi tizimli ishlar tashkil qilingan va bu jarayon bir zumga bo‘lsada to‘xtab qolgani yo‘q. So’nggi yillarda abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish, natijalarni e’lon qilish jarayonlari to‘la raqamlashib inson omilining ishtiroki keskin darajada kamaytirildi. Shuningdek, kirish imtihonlarini belgilangan va to‘la himoyalangan hududlarda kuzatuvchi kamera ostida o‘tkazilishi qabul jarayonining halollik prinsiplari asosida tashkillanilishiga sabab bo’ldi. Talabalarning o‘qishini ko‘chirish borasida olib borilayotgan samarali va adolatli islohotlar natijasida bu tizimda to‘la shaffoflikka erishildi. Magistraturaga qabul jarayonlarida esa mutaxassislik imtihonidan voz kechilishi hamda xorijiy tilni bilish bo‘yicha milliy yoki xalqaro tan olingan seritifikatga ega bo‘lish talabi esa bu sohada korrupsiyani butkul ildizi bilan sug‘urib tashlashga dadil qadam bo‘ldi. Davlatimiz tomonidan yartib berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanish va Yangi O’zbekiston ravnaqi yo’lida o’z hissamizni qo’shmog’imiz darkor. Qabul jarayonlaridagi yangi o’zgarishlar esa ulug‘ maqsadlar yo‘lidagi imkoniyatlar eshigini ochadi. Lekin, ba’zi bir ota-onalar farzandining bilimi va qabul jarayonidagi adolatlilik tamoyiliga ishonmay noqonuniy yo‘llar bilan oliy ta’lim muassasasiga kirishiga imkoniyat qidiradi hamda nopok, firibgar kimsalarga aldanib qoladi. Aziz ota-onalar farzandingizga bergan tarbiyangizga va uning egallagan bilimiga ishonch bildiring. Ogoh va ziyrak bo‘ling! Shu o‘rinda men intitut rektori sifatida o‘z jamoamizga murojaat qilmoqchiman. Hurmatli, institutimizda faoliyat olib boruvchi professor-o‘qituvchilar va ishchi-xodimlar. Sizlardan qabul, o‘qishni tiklash va ko‘chirish jarayonlaridagi har qanday korrupsion holatlarga qat’iy murosasizlik kayfiyatida bo‘lishingizni, ushbu jarayonlarga mas’ulligingiz bo‘lmasa, mutlaqo aralashmaslikni so‘rayman. Qabul jarayoni davomida hushyor va ogoh bo‘ling. O‘zingiz sezmagan holatda firibgarlar tuzog‘iga ilinib, aybsiz aybdor bo‘lib qolmang. Hukumatimiz tomonidan olib borilayotgan adolatli va shaffof hamda inson qadri ulug’lanayotgan siyosat zamirida siz bilan Farg‘ona politexnika institutining o‘ziga xos ishonchli, halol, odil imidjini yaratish yo‘lida birdam bo‘laylik.