Savollar va javoblar
04-07-20231.Men 2019 yilda Beruniy nomidagi davlat stipendiyasi sovrindori bo‘lganman. 2021 yil Samarqand veterinariya meditsinasi institutini bitirdim. Men O‘zbekiston Milliy universitetiga magistraturaga kirmoqchiman. Bunda Beruniy davlat stipendiyasi sovrindori bo‘lganligim uchun menga imtiyoz qo‘llaniladimi?
Nomli davlat stipendiyalari sovrindori bo‘lgan talabalar bakalavriatni bitirgan yili o‘qigan ta'lim yo‘nalishiga mos va turdosh bo‘lgan magistratura mutaxassisliklariga kirish imtihonlarisiz davlat granti asosida talabalikka qabul qilinadi. Shunga ko‘ra, istalgan oliy ta'lim muassasasining Siz tamomlagan bakalavriat ta'lim yo‘nalishiga mos va turdosh bo‘lgan magistratura mutaxassisligiga imtiyoz asosida o‘qishga kirishingiz mumkin.
2. Xorijdagi oliy ta'lim muassasasi magistraturasiga o‘qishga kirsam va 1-kursdan keyin o‘qishimni O‘zbekistondagi oliy ta'lim muassasasi magistraturasiga ko‘chira olamanmi?
Xorijiy oliy ta'lim muassasalarining magistraturasida tahsil olayotgan talabalar o‘qishini O‘zbekiston Respublikasidagi oliy ta'lim muassasalarining magistraturasiga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat etilmaydi.
3. Oldingi o‘quv yillari Buxoro davlat tibbiyot institutiga ikkinchi mutaxassislikka qabul bo‘lar edi. Biz oliy ma'lumotlimiz, hujjat topshirmoqchi edik. Bu yil ham ikkinchi mutaxassislikka qabul bo‘ladimi?
Ikkinchi oliy ma'lumot olish bo‘yicha kadrlar tayyorlash huquqiga ega oliy ta'lim muassasalari ro‘yxati Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi. Bunda, kadrlarga bo‘lgan talab-ehtiyoj, oliy ta'lim muassasasining ilmiy-pedagogik salohiyati va moddiy-texnik bazasi hisobga olinadi. Hozirgi kunda tegishli vazirlik va idoralar tomonidan kadrlarga bo‘lgan talab-ehtiyoj o‘rganilmoqda. Jumladan, Buxoro davlat tibbiyot institutida ikkinchi oliy ma'lumot olish uchun qabul bo‘yicha takliflar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan shakllantiriladi.
4. Men harbiy qism tavsiyanomasiga egaman. Men ushbu tavsiyanomam bilan 5 ta yo‘nalishni tanlay olamanmi? Agar mumkin bo‘lsa imtiyozim qanday qo‘llaniladi?
Harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomasiga ega bo‘lgan abiturientlar ham 5 tagacha bakalavriat ta'lim yo‘nalishini tanlashi mumkin. Faqatgina ushbu tavsiyanoma bo‘yicha imtiyoz birinchi tanlangan ta'lim yo‘nalishiga nisbatan tatbiq etiladi. Agar talaba test sinovi natijalariga ko‘ra imtiyozi bo‘yicha birinchi ta'lim yo‘nalishiga talabalikka tavsiya etilmaganda, to‘plagan bali bilan tanlangan barcha ta'lim yo‘nalishlariga umumiy tanlovda ishtirok etadi.
5. Oliy ta'lim muassasalarida to‘lov-kontrakt bo‘yicha ta'lim olgan bitiruvchilar majburiy ishga joylashtirilishi mumkinmi?
Oliy ta'lim muassasalarida o‘z hisobidan to‘lov-kontrakt bo‘yicha ta'lim olgan bitiruvchilar o‘z ixtiyori bilan taqsimot komissiyasida ishtirok etishi va uning roziligi asosida komissiya qarori bilan taklif etilayotgan ish joylariga ishga yuborilishi mumkin. Bunda, bitiruvchilarning taqsimoti oliy ta'lim muassasasi rektori tomonidan tasdiqlangan oliy ta'lim muassasasining taqsimot komissiyasi tomonidan o‘tkaziladi.
6. Jiyanim Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining xotin-qizlar uchun berilgan tavsiyanomasini oldi. Jiyanim ushbu tavsiyanoma bilan oliy ta'lim muassasasiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadimi?
2021/2022 o‘quv yiliga xotin-qizlar uchun jami 2000 ta alohida davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari hududlar kesimida ajratildi. Ushbu qabul ko‘rsatkichlariga tegishli tavsiyanomaga ega bo‘lgan xotin-qizlar orasidan eng yuqori ball to‘plaganlari qabul qilinadi. Tavsiyanomaga ega bo‘lgan ammo ajratilgan alohida davlat grantiga tavsiya etilmagan xotin-qizlar test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plagan ballari bilan tanlagan beshtagacha bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga umumiy tanlovda ishtirok etishi mumkin.
7. Harbiy qism tavsiyanomasini oldim. Shu tavsiyanomam sirtqi ta'lim shakliga ham o‘tadimi?
2021/2022 o‘quv yiliga harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomasiga ega bo‘lganlar uchun oliy ta'lim muassasalari hamda ta'lim shakllari (kunduzgi, sirtqi, kechki) kesimida alohida qabul ko‘rsatkichlari tasdiqlandi. Yuqoridagilardan kelib chiqib, harbiy qism tavsiyanomasiga ega bo‘lgan abiturient sirtqi ta'lim shakli uchun ajratilgan qabul ko‘rsatkichiga da'vogar bo‘lishi mumkin.
8. Men bakalavriatda davlat granti asosida tahsil oldim. Endilikda magistraturani chet elda davom ettirmoqchiman. Bunday holda menga bakalavr diplomining asl nusxasi beriladimi? Magistrlik darajasini olib kelganimdan so‘ng ham 3 yil ishlab berishim kerakmi? Agar xuddi shu tartibda O‘zbekistonda magistraturada o‘qisam, tartibi qanday bo‘ladi?
Amaldagi tartibga ko‘ra, barcha ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha davlat grantlari asosida tahsil olgan oliy ta'lim muassasalari bakalavr va magistrlari majburiy tartibda kamida uch yil ishlab berish sharti bilan ta'lim muassasalariga taqsimlanadi. Oliy ta'lim muassasalarini davlat grantlari asosida bakalavriatni tamomlagan bitiruvchilar magistraturaga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan taqdirda, kamida uch yil ishlab berish majburiyati magistraturani yakunlagandan so‘ng amalga oshiriladi.
9. Men hozirda kunduzgi ta'lim shaklida 2-kursda o‘qiyman. Bir vaqtning o‘zida ikkita oliy ta'lim muassasasida o‘qishim mumkinmi?
O‘zbekiston Respublikasidagi oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarning shaxsiy yig‘ma jildlari (tegishli hujjatlarning asli) oliy ta'lim muassasalarida saqlanadi. Shu bilan birga, bakalavriatning kunduzgi ta'lim shaklida o‘qiyotgan talabalarning faqatgina darsdan bo‘sh vaqtlaridagina (kunning ikkinchi yarmida) boshqa faoliyat bilan shug‘ullanishlariga ruxsat etilgan. Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Sizning bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan 2 ta davlat oliy ta'lim muassasasida tahsil olishingiz imkoni mavjud emas.
10. Men fuqaroligi yo‘q shaxs sifatida bakalavriatga o‘qishga kirish uchun onlayn tartibida ro‘yxatdan o‘ta olmayapman. Men kabilarga boshqacha tartib bormi?
Fuqaroligi yo‘q shaxslarni bakalavriatga kirish uchun ro‘yxatdan o‘tkazish oliy ta'lim muassasalari qabul komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi. Shunga ko‘ra, Sizdan o‘zingizni qiziqtirgan oliy ta'lim muassasasi qabul komissiyasiga murojaat qilishingiz so‘raladi.
11. Men tarix yo‘nalishini tamomladim. Hozirda akademik lisey direktori o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqdaman. Savolim men magistratura mutaxassisligini maqsadli grant asosida o‘qimoqchiman. Bu uchun tavsiyanoma olish tartibi qanday, men ishlab turgan akademik lisey OTM rahbari beradimi yoki men hujjat topshirmoqchi bo‘lgan OTM?
Oliy ta'lim muassasalarining magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida Nizomga muvofiq ayrim magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha hududlar kesimida, shuningdek, kadrlar buyurtmachilari kesimida maqsadli qabul kvotalari tasdiqlangan taqdirda, tanlov har bir hudud, shuningdek, kadrlar buyurtmachilari (oliy ta'lim muassasasi) bo‘yicha alohida o‘tkaziladi. Maqsadli qabul bo‘yicha tanlovda yetarli ball to‘play olmasdan talabalik safiga tavsiya etilmagan abiturientlar to‘plagan balli bilan umumiy tanlovda ishtirok etadilar. Maqsadli qabul bo‘yicha magistraturaga qabul qilingan talabalar o‘qishga kirgandan so‘ng “talaba – buyurtmachi OTM – va ta'lim olayotgan OTM” orasida buyurtmachi muassasasida o‘qishni tamomlagandan so‘ng kamida 5 yil ishlab berish ko‘zda tutilgan tegishli shartnoma tuziladi. Magistratura bo‘yicha maqsadli qabul uchun ro‘yxatdan o‘tish va tanlovda qatnashish uchun hech qanday tavsiyanoma talab etilmaydi.
12. Texnikum va kollejlarda sirtqi ta'lim shaklida o‘qish imkoniyati mavjudmi?
Texnikum va kollejlarida sirtqi ta'lim shaklida o‘qish imkoniyati mavjud. Sirtqi ta'lim shakli bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladigan ta'lim muassasalari ro‘yxati (kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha) 2021/2022 o‘quv yili uchun abiturientlarning hujjatlarini qabul qilish jarayoni boshlaguniga qadar e'lon qilinadi.
13. Men bankda 11 yildan beri ishlayman. Ma'lumotim o‘rta-maxsus. 5 yil ish stajiga ega bo‘lganlarni suhbat asosida imtihonlarsiz qabul qilish aytilgan edi. Men shu imtiyoz orqali o‘qishga kira olamanmi?
Respublika OTMning sirtqi va kechki ta'lim shakliga suhbat natijalariga ko‘ra tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etish huquqiga ega bo‘lgan vazirlik, idora va yirik xo‘jalik birlashmalarining ro‘yxati har yili Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi. 2021/2022 o‘quv yili uchun tavsiyanoma berish huquqiga ega bo‘lgan vazirlik va idoralar ro‘yxati tasdiqlangandan so‘ng, Siz faoliyat ko‘rsatayotgan bankning respublika bosh ofisi tomonidan berilgan tavsiyanomaga asosan suhbat asosida imtihonlarsiz, tabaqalashtirilgan kontrakt bo‘yicha o‘qishga kirishingiz mumkin. Ma'lumot uchun: 2020/2021 o‘quv yili uchun tavsiyanoma berish huquqiga ega bo‘lgan vazirlik va idoralar ro‘yxatida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, tijorat banklari nazarda tutilgan edi.
14. Magistraturaga hujjat topshirgan edim, arizamning qabul qilinganligini qanday bilsam bo‘ladi?
Ariza qabul qilish jarayoni quyidagi ketma-ketlikda amalga oshiriladi. Barcha jarayonlarni magistr.edu.uz profilingizdagi «Ariza holati» bo‘limi orqali kuzatib borishingiz mumkin. Agar onlayn onlayn ariza topshirishda kamchiliklar mavjud bo‘lsa quyidagi hollarda rad qilinadi: Ariza rad qilindi – abiturient hujjat topshirgan OTM tomonidan ariza rad qilingandagi holat. Bunda, rad qilish sabablari izohda qoldiriladi. Ariza rad qilinganda abiturient tomonidan arizani tahrirlash imkoniyati paydo bo‘ladi. Diplom rad qilindi - abiturient tomonidan kiritilgan diplom ma'lumotlarini bakalavr diplomini bergan OTM tomonidan sabablar ko‘rsatilgan holda rad qilinadi. Ariza rad qilinganda abiturient tomonidan arizani tahrirlash imkoniyati paydo bo‘ladi.
15. Men Osiyo o‘yinlarida 2-o‘rinni egallaganman. Oliy ta'lim muassasasiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinamanmi?
2021/2022 o‘quv yilidan boshlab, Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari va jahon chempionatlarida oxirgi uch yilda g‘olib va sovrindor (1 — 3-o‘rin) bo‘lgan sportchi-o‘quvchilar davlat oliy ta'lim muassasalarining bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga kunduzgi, sirtqi va kechki ta'lim shakllariga qo‘shimcha davlat granti asosida kirish imtihonlarisiz qabul qilinadi.
16. Vazirlik, idora va yirik xo‘jalik birlashmalarining ehtiyojlaridan kelib chiqib, ularning murojaatlariga asosan o‘qishga qabul qilingan talabalarning tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt miqdorini bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorida to‘lashga ruxsat beriladimi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 iyundagi “2019/2020 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi PQ-4359-son qarorining 6-bandiga muvofiq, oliy ta'lim muassasalariga 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab vazirlik, idora va yirik xo‘jalik birlashmalarining (ish beruvchilar) ehtiyojlaridan kelib chiqib, kunduzgi bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga mos bo‘lgan yo‘nalishlar doirasida tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida sirtqi va kechki ta'lim shaklida o‘qitishni tashkil etish huquqi berilgan. O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining tegishli bayoniga muvofiq respublika oliy ta'lim muassasalariga iqtisodiyot tarmoqlarida kamida 5 yil stajiga ega bo‘lgan va tegishli tavsiyanoma asosida suhbat bilan qabul qilinganlar uchun to‘lov-kontrakt miqdorlari 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab mos ravishda har yili amalda belgilanadigan bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va shakli bo‘yicha bazaviy to‘lov-kontrakt qiymati miqdorlariga nisbatan 2 baravari miqdorida belgilangan.
17. Magistratura bo‘yicha men hujjat topshirmoqchi bo‘layotgan mutaxassislikda 2 ta davlat granti uchun o‘rin bor. Bakalavriatni imtiyozli diplom bilan tamomlaganman, chet tili bo‘yicha maksimal ball beradigan sertifikatga egaman, bilimimga ishonaman. Ammo, ushbu mutaxassislikka imtiyozga ega abiturientlar hujjat topshirsa, men grant o‘rinlariga davogarlik qila olmaymanmi?
Oliy ta'lim muassasalarining magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida Nizomga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari va nomli davlat stipendiyalari sovrindorlari, Zulfiya nomidagi Davlat mukofotlari sohibalari, shuningdek «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti sohiblari bo‘lgan oliy ta'lim muassasalari talabalari va bakalavr darajasiga ega yoshlar oliy ta'lim muassasalari magistraturasiga bakalavriatning ta'lim yo‘nalishiga mos va turdosh mutaxassisliklarga tanlovdan tashqari alohida davlat grantlari asosida qabul qilinadilar.
18. Ikkinchi oliy ma'lumot (mutaxassislik) olish uchun hujjat topshirish borasida ma'lumot bersangiz. Hujjatlar qabulining oxirgi muddati qachon?
Adliya vazirligi tomonidan 2008 yil 21 avgustda 1844-son bilan ro‘yxatga olingan “O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalarida ikkinchi va undan keyingi ta'limni olish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga muvofiq oliy ta'lim muassasalarida ikkinchi oliy ma'lumot (mutaxassislik) olish uchun hujjatlar oliy ta'lim muassasalarida 20 avgustga qadar qabul qilinadi.