OʻZBEKISTON – TOJIKISTON: OʻZARO MUNOSABATLAR YANGI OʻSISH BOSQICHIDA



O‘zbek va tojik xalqi – tarixiy ildizi tutash, taqdiri uyqash, tutumlari o‘xshash el. Shu bois, xalqlarimiz quda-anda, yaqin birodar bo‘lib yashagan. Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatida ish boshlagan ilk kunlardanoq ana shu azaliy qadrli munosabatlarni mustahkamlashga bel bog‘ladi. Chegaralar ochildi, ikki mamlakat o‘rtasida uzoq yillar davomida hal etilmagan masalalarga yechim topildi. Pirovardida, bir muddat to‘xtab qolgan bordi-keldi qayta jonlandi. Xalqlarimiz yana diydorlashdi, mehr rishtalari qayta bog‘landi. Tojikiston xalqi O‘zbekiston Prezidentini juda hurmat qiladi, doim mehr bilan kutib oladi. Bunga davlatimiz rahbarining Tojikistonga tashrifi tafsilotlarini kuzatib borgan har birimiz guvohmiz. Ishonch bilan aytamizki, Prezidentimizning Tojikistonga bu galgi tashrifi har qachongidan-da samarali bo‘ldi. Bu sanoat, sanoat mulkini muhofaza qilish, oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish, fanlar akademiyalari o‘rtasidagi ilmiy hamkorlik, davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlari, xalqaro avtomobil va aviatsiya qatnovlari to‘g‘risidagi bitimlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, veterinariya va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish idoralari o‘rtasidagi hamkorlik, madaniyat va turizm sohasidagi hamkorlik, agrosanoat majmuidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va boshqa sohalarni qamrab olgan jami 28 ta hujjat imzolanganida ham ko‘zga tashlanadi.

O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlari o‘zaro muzokaralarda siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni, hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi tarixiy shartnomaning imzolanishi O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlarida sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganligi juda muhim ahamiyat kasb etadi.

  • Bugun imzolanayotgan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi tarixiy shartnomani amalga oshirish uchun barcha darajalarda – parlamentlar, hukumatlar, tashqi siyosiy idoralar, vazirlik va hududlar o‘rtasidagi muloqotlar samaradorligini oshirish lozim, - dedi davlatimiz rahbari.

Tomonlar ushbu tarixiy tashrif, uning samarali natijalari va imzolangan muhim hujjatlar ikki mamlakatning jadal taraqqiyotiga xizmat qilishi, birodar O‘zbekiston va Tojikiston xalqlarining umumiy farovonligini ta’minlashiga ishonch bildirdilar. Oliy darajadagi uchrashuvlar chog‘ida sanoat kooperatsiyasida, eng avvalo, ikki mamlakat bir-birini to‘ldirib turgan an’anaviy tarmoqlarda yangi o‘sish nuqtalari belgilab olindi. Mashinasozlik, energetika, elektrotexnika, metallurgiya, qazib chiqarish, to‘qimachilik, farmatsevtika, agrosanoat va boshqa ustuvor tarmoqlardagi qo‘shma loyihalar shular jumlasidan. Bu – o'zaro tovar ayirboshlash hajmi keskin oshadi, fan-ta’lim, madaniyat sohalarida fikr, tajriba almashinuv faollashadi, degani. O‘z-o‘zidan ayonki, mamlakatlar o‘rtasidagi bordi-keldi, bu kabi faol munosabatlar taraqqiyot uchun xizmat qiladi, yangi g‘oyalar tug‘ilishiga, innovatsiyalar shakllanishiga yo‘l ochadi. Bir so‘z bilan aytganda, sivilizatsiya paydo bo‘ladi. Shuningdek, yuqori saviyada tashkillangan uchrashuv chog‘ida ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish zarurligi alohida ko‘rsatib o‘tildi.

Ikki mamlakat oliy ta’lim tizimi yetakchilari oxirgi yillarda oliy ta’lim, ilm-fan sohalarida hamkorlik aloqalari kengayib, bu boradagi ishlar yanada jadal suratlarda o‘sib bormoqda. An’anaviy o‘tkazib kelinayotgan forumlar Tojikiston Respublikasi bilan ham ta’lim sohasidagi aloqalarni har tomonlama kengaytirish va yangi bosqichga olib chiqishda muhim platforma vazifasini o‘tamoqda. Xususan, 15–16-aprel kunlari O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan O‘zbekiston-Tojikiston oliy ta’lim muassasalari rektorlarining ikkinchi forumi tashkil etildi. “2030-yil: O‘zbekiston va Tojikistonda oliy ta’lim va ilm-fanni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari” mavzusida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida o‘tkazilgan anjumanda Tojikiston Respublikasi Ta’lim va fan vaziri Rahim Saidzoda boshchiligida tashrif buyurgan 30 ga yaqin nufuzli oliy ta’lim muassasalari rektorlaridan iborat delegatsiya va O‘zbekiston tomonidan 50 ga yaqin oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, vazirlik va idoralar mas’ullari qatnashdi.

 Mazkur anjumanda Farg‘ona politexnika instituti rektori O‘ktam Salomov ham faol ishtirok etib,  forum doirasida Tojikiston milliy universiteti hamda Akademik M.S.Osimi nomidagi Tojikiston texnika universiteti bilan barcha yo‘nalishlarda manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida ikki tomonlama Shartnoma va Memorandumlarni imzoladi.  Kelgusida mazkur universitetlar bilan o‘qituvchi va talabalarning akademik almashinuvi, oliy va professional ta’limda o‘zaro o‘quv jarayonlarini tashkil qilish, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish, tajriba almashish, stajirovka o‘tash, ilmiy anjumanlar, dissertatsiyalar himoyasi bo‘yicha kengashlar ishida ishtirok etish, ikki davlat olimlari tomonidan ilmiy jurnallarda maqolalar chop etish, birgalikda ilmiy loyihalarda ishtirok etish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish kabi muhim yo‘nalishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda. Mana 2 yildirki, ta’lim muassasamiz Tojikiston davlat iqtisodiyot va savdo instituti bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yib kelmoqda. Hamkorlikda talaba almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan. Professor-o‘qituvchilarimiz esa stajirovka o‘tab kelishmoqda. Ayniqsa, hamkorlikda ilmiy maqolalar tayyorlanib, xalqaro loyihalarda ishtirok etayotganimiz e’tiborga molikdir.

Prezidentimizning Tojikistonga rasmiy tashrifi ikki mamlakat va do‘st xalqlarimiz o‘rtasidagi yaqin birodarlik munosabatlari sahnida yangi davrni boshlab berayotgani bilan g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi.

Sherzod DEHKANOV,

Farg‘ona politexnika instituti yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha 1-prorektori

Foydali havolalar

Farg'ona Politexnika Instituti