Yangi O‘zbekistonning kelajak yoshlari: imkoniyat va huquqiy kafolat



“Yangi O‘zbekistonni, albatta, yoshlar bilan birga quramiz”

Shavkat Mirziyoyev

Mamlakatimizning kelajagi bo‘lmish yoshlarimizni har tomonlama yetuk, bilimli, salohiyatli shaxs, komil inson sifatida tarbiyalash masalasiga bugungi karantin kunlarida ham o‘ziga xos tarzda, zamonaviy usullar asosida yondashilmoqda, ularning barcha huquq va erkinliklari, imkoniyat va manfaatlarini himoya qilishda tashkiliy-huquqiy asoslar zamon bilan hamnafas takomillashib bormoqda. Zero, masofaviy ta’lim, onlayn rejimida uzluksiz tashkil etilgan holda yoshlarning bilim olish huquqini ta’limda ta’minlaganining o‘zi O‘zbekistonning bugun yoshlarga berayotgan ta’lim-tarbiya va ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik, e’tiborning amaliy ifodasidir.

Yoshlar barcha davrlarda jamiyatning faol qatlami sifatida e’tirof etib kelingan. Sharq Uyg‘onish davrida ham, jadidlar faoliyatida ham, jamiyatning yangilanishida yoshlarning o‘rni beqiyos bo‘lgan. Shu jihatdan muntazam shakllanib boruvchi bu qatlam doimiy yo‘naltirib va qo‘llab-quvvatlab turishni talab etadi... Bu esa, davlat tomonidan yoshlarning mamlakat manfaatlari­ yo‘lida erkin ijtimoiylashuvi va o‘zini samarali namoyon etishi uchun maqbul sharoit va imkoniyat yaratish hamda yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar tizimi yoshlarga oid davlat siyosatini anglatadi. 

Asrlar davomida ota-ona va farzandlarning o‘zaro munosabatlari,  oilada ularning o‘rni, ota-onaning farzand tarbiyasidagi huquqlari va majburiyatlari doimiy, dolzarb masalalardan biri sifatida tartibga solishga harakat qilingan. Jamiyat rivojlana borgani sari, farzand tarbiyasi, uning ta’minoti bo‘yicha qarashlar ham rivojlanib takomillashib borgan.

Masalan davlatimiz hududida 6 asrga qadarli amalda bo‘lgan Zardushtiylik dinining muqaddas kitobi “Avesto”da oila qurish uchun erkak moddiy va ma’naviy tomondan yetuk bo‘lishi talab qilingan bo‘lsa, islom huquqining asoslaridan biri bo‘lgan hadislarda, farzandga yaxshi ism qo‘yish, uni chiroyli tarbiyalash va ilm o‘rgatish otaning farzand oldidagi burchlaridan biri sifatida ta’riflangan.

Har ikkala din manbaalarida ham oilaning kelajagini, farzandlarning moddiy va ma’naviy farovonligini ta’minlash uchun ota-ona ma’sulligi, ushbu ma’suliyatni nafaqat oila qurilganidan keyin ta’minlash, balki unga oila qurilmasidan oldin tayyorgarlik ko‘rish kerakligi ko‘rsatilgan.

Bu kabi talablar zamonaviy qonunchiligimizda ham o‘zi aksini topgan, jumladan O‘zbekiston Respublikasi Konistitusiyasining 77-moddasida, ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularni tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar deb belgilangan.

Ota-ona o‘z bolalarining tarbiyasi va kamoloti uchun javobgardir. Ular o‘z bolalarining sog‘lig‘i, jismoniy, ruhiy, ma’naviy va axloqiy kamoloti haqida g‘amxo‘rlik qilishlari shartligi ko‘rsatilib, ota-onaga majburiyat yuklangan.

Shuningdek,  O‘zbekiston Respublikasining 2008 yil 7 yanvarda qabul qilingan “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuninida o‘n sakkiz yoshga to‘lgunga (voyaga yetgunga) qadar bo‘lgan shaxs (shaxslar)- bola (bolalar) hisoblanishi qayd etilib, qonunga ko‘ra bolalarning:

  • Bolaning yashash huquqi;
  • Bolaning individuallikka va uni saqlab qolishga bo‘lgan huquqi;
  • Bolaning erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqi;
  •  Bolaning himoyaga bo‘lgan huquqi;
  • Jinoyat prosessining ishtirokchisi bo‘lgan bola huquqlarini himoya qilish;
  • Bolalarni tarbiyalayotgan oilalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash;
  • Bolaning oilaviy muhitga bo‘lgan huquqi;
  • Bolaning g‘ayriqonuniy ko‘chirilishdan himoyalanish huquqi;
  • Bolaning o‘z fikrini ifoda etish huquqi;
  • Bolaning axborot olish huquqi;
  • Bolaning fikrlash, so‘z, vijdon va e’tiqod erkinligi huquqi;
  • Bolaning xususiy mulkka bo‘lgan huquqi;
  • Bolaning turar joyga bo‘lgan huquqlari;
  • Bolaning mehnat qilish huquqi;
  • Bolaning dam olish va bo‘sh vaqtga bo‘lgan huquqi;
  • Bolaning sog‘lig‘ini saqlash huquqi;
  • Bolaning bilim olish huquqlari davlat tomonidan kafolatlanishi, mazkur huquqlarning buzilishiga sababchi bo‘lgan shahslar qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishlari belgilab qo‘yilgan.

Shunday bo‘lasa-da ayrim ota-onalarning o‘z farzandlarining qonuniy huquq va manfaatlarini amalga oshirishga e’tiborsizlik bilan qarashi, ularning moddiy ta’minotiga yetarlicha e’tibor qaratmaslik kabi holatlarning uchrashi, nafaqat bolalarning qonuniy huquq va manfaatlari buzilishiga, balki bu toifadagi nizolarning ham ortishiga olib kelayotgani uchramoqda.

Ayniqsa yoshlar o‘rtasida nikohdan ajralishlarning oqibatida jinoyat va huquqbuzarliklar kelib chiqayotgani, go‘daklarning tirik yetim bo‘lib qolayotgani ularning tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani, ayrim ota onalarning esa farzandlaridan nafaqa undirish haqida sudga da’vo ariza bilan murojaat qilayotganlari achinarli xoldir.

Shu sababli ota-onalar farzandlari oldidagi mas’uliyatini doimiy ravishda yodda tutishlari, ularning bugungi harakatlari (harakatsizligi) nafaqat bolalarining ruhiyatiga, ularning o‘sib unishiga, balki o‘zlarining kelgusidagi hayotlariga ya’ni farzandlari bilan munosabatlariga salbiy tasir qilishini doimo yodda tutishi zarur.

Chunki farzand bugun olgan mehrini e’tiborini ertaga qaytaradi, dono xalqimiz bejizga “Har kim ekkanini o‘radi”- deb naql qilmagan.

Zero, xalqimiz azaldan oilani muqaddas bilib, uni asrash, farovonligini oshirishga alohida e’tibor qaratib kelgan. Oilada milliy qadriyat va an’analar rivoj topishi bilan birga ertangi kunimiz egalari – farzandlar kamolga yetadi.

Sherzod Dehkanov,

Farg‘ona politexnika instituti Yoshlar masalalari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori.

M.Musaxanova   

    Farg‘ona viloyat sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyasi. 

Foydali havolalar

Farg'ona Politexnika Instituti