Mexanika - mashinasozlik



Mexanika - mashinasozlik fakulteti dekani

Mirsharipov Raxmatillo Xabibullayevich

Qabul vaqti: Dushanba - Shanba (9:00 - 12:00)
Telefon::+99873 241-14-43
 

FAKULTET HAQIDA MA’LUMOT

Fakultet 1967-yili Toshkent politexnika instituti Farg‘ona umumtexnika fakulteti bazasida tashkil etilgan Farg‘ona politexnika institutida Mexanika-energetika fakulteti sifatida o‘z faoliyatini boshlagan. Shu yili Mexanika-energetika fakultetiga “Mashinasozlik texnologiyasi, metall qirquvchi dastgohlar” mutaxassisligi bo‘yicha birinchi marta kunduzgi bo‘limga talabalar qabul qilingan.

   1968-yildan boshlab “Qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalarining mexanik jihozlari” va “Poligrafiya ishlab chiqarish texnologiyasi” mutaxassisliklari bo‘yicha kunduzgi bo‘limga talabalar qabul qilindi. 1967-1969-yillarda fakultet Farg‘ona shahri, Qirguli mavzesi, Ulug‘bek ko‘chasidagi 71-uyda joylashgan edi. Mexanika-energetika fakultetining birinchi dekani sifatida t.f.n. dots.Tursunov Qobiljon Tursunovich ishlagan. 1969-yili sentyabrda mustaqil Mexanika fakulteti tashkil etilib unga t.f.n. O.O.Oxunboyev, dekan etib tayinlangan. Fakultet o‘quv binosi Qirguli mavzesidagi Farg‘ona ko‘chasi, 86-uyga ko‘chib o‘tdi.

     Dastlabki yillarda “Farg‘ona neftni qayta ishlash” zavodi, Azot o‘g‘itlar zavodi, Quvasoy sement kombinati, Farg‘ona mexanika zavodi, Farg‘ona gaz apparatlari zavodi va boshqa korxonalarda o‘quv laboratoriyalari ishlari olib borilgan.

    1977-yili Mexanika fakulteti boshqa fakultetlar qatori yangi loyiha asosida barpo etilgan zamonaviy va qulay o‘quv xonalari, kabinetlar, laboratoriyalarga ega bo‘lgan ko‘rkam Farg‘ona ko‘chasi 86-uydagi 2-binoga ko‘chib o‘tdi. Dotsent R.B.Burxonov dekan lavozimida ishlagan 1976-1980-yillarda o‘quv jarayonlari sifat jihatidan yaxshilash yangi o‘quv binosi auditoriyalarini tegishlicha jihozlash, takomillashtirish, yangi mutaxassisliklar ochish kabi salmoqli ishlar amalga oshirilgan.

   1979-yilda Mexanika fakulteti bazasida Texnologiya fakulteti tashkil etilib, uning tarkibiga “Yengil sanoat mashina va apparatlari” (kafedra mudiri t.f.n. dots.P.R.Fayziyev) hamda “Tikuvchilik mahsulotlari texnologiyasi” (kafedra mudiri dots.J.I.Qalandarov) kafedralari kiritilgan. Bu fakultetning dekani lavozimiga R.Q.Qodirov tayinlangan.1981-yili esa Texnologiya fakulteti Mexanika fakulteti tarkibiga birlashtirilgan. Bugungi kunda Mexanika-mashinasozlik fakulteti o‘quv va ilmiy laboratoriya bazasi zamon talablariga javob beradigan asbob-uskunalar, dastgohlar bilan boyitildi, o‘quv jarayonida texnik vositalar, kompyuter texnikasidan foydalanish ko‘lami kengaydi, pedagog kadrlar tarkibi yangi ilmiy darajali mutaxassislar hisobiga boyitildi.

      Hozirgi kunda texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Mirsharipov Raxmatillo Xabibullayevich fakultet dekani lavozimida, Ro‘ziyev Shoxruxbek Nabiyevich, Tojibayev Farxad Obidjonovich o‘quv ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosarlari, Xosilov Misliddin Sharipovichlar yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat olib borishmoqda. Bundan tashqari fakultetda kasaba uyushma qomitasi, fakultet xotin-qizlar maslahati kengashi tashkil qilingan.

 

Fakultetda rejalashtirilgan ilmiy tadqiqot va o‘quv ishlab chiqarish kompleksi

          Shuningdek, fakultetning professor-o‘qituvchilari va iqtidorli talabalar uchun ilmiy-seminarlar tashkil qilindi va fakultetda 16 ta dissertatsiya ishlari etakchi tashkilot sifatida muhokama qilindi va xulosalar berildi.

 

FAKULTETDA QUYIDAGI KAFEDRALAR MAVJUD

-Texnologik mashinalar va jihozlar kafedrasi; Kafedra mudiri texnika fanlari doktori, professor R.J.Tojiyev.

-Mashinasozlik texnologiyasi va avtomatlashtirish kafedrasi; Kafedra mudiri texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) A.G'afurov

-Yer usti transport tizimlari va ularning ekspluatatsiyasi kafedrasi; Kafedra mudiri texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Z.M. Xametov.

-Oliy matematika kafedrasi; Kafedra mudiri texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) J.I.Fayzullayev.

-Tadbiqiy mexanika kafedrasi; Kafedra mudiri texnika fanlari doktori (DS) Y.Y.Xusanov.

BAKALAVRIAT TA'LIM YO‘NALISHLARI

5320200 – Mashinasozlik texnologiyasi, mashinasozlik ishlab chiqarishini jihozlash va avtomatlashtirish.

5320300 – Texnologik mashinalar va jihozlar.

5310600 – Yer usti transport tizimlari va ularning ekspluatatsiyasi (transport turlari bo‘yicha).

5312600 - Mexatronika va robototexnika

MAGISTRATURA MUTAXASSISLIKLARI

5A320305 – “Kimyoviy sanoat va qurilish materiallari korxonalarining mashina hamda apparatlari”.

5A320201 – “Mashinasozlik texnologiyasi va jihozlari” (ishlab chiqarish bo‘yicha).

5A310601 – Yer usti transport tizimlari va ularning ekspluatatsiyasi (transport turlari bo‘yicha).

    Professor – o‘qituvchilar tarkibi

                              5 nafar professor;

                              5 nafar fan doktori (DcS);

                             11  nafar fan nomzodi;

                             29  nafar falsafa doktori (PhD);

                             28 nafar dotsenti;

                             35 nafar katta o‘qituvchi;

                             27 nafar assistent;

                              1 nafar doktorant (DcS);

                             40 nafar doktorant (PhD);

                             6 nafar mustaqil izlanuvchi faoliyat yuritmoqda.

            Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida 1695 nafar, magistratura mutaxassisliklarida 120 nafar magistrantlar, hammasi bo‘lib fakultetda 1815 nafar talaba tahsil olmoqda. Ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarining takomillashtirilgan Davlat ta’lim standartlari asosida ishlab chiqilgan o‘quv rejalariga muvofiq  fakultet talabalariga 80 dan ortiq fanlar bo‘yicha bilimlar majmui beriladi. Fakultet talabalariga professor-o‘qituvchisi bilim bermoqda. O‘quv mashg‘ulotlari ilg‘or, zamonaviy pedagogik texnologiyalar, innovatsion usullar, axborot kommunikatsion yutuqlar va samarali texnik vositalardan foydalangan holda tashkil etilmoqda.

Fakultet ta’lim jarayonini o‘quv-uslubiy ta’minotini yaxshilash jihatidan I. Karimov nomidagi Toshkent Davlat texnika universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Toshkent avtomobil yo‘llari instituti, Belgorod  texnologiya universiteti, Sankt-Peterburg Davlat texnologiya instituti, N.E.Bauman nomidagi Moskva Davlat texnika universiteti, Ukraina Milliy Texnika Universiteti «Kiyev politexnika instituti» va Moskva avtomobil-yo‘llar instituti olimlari va Indoneziyaning “Gunadarma” Universiteti bilan hamkorlik qilinmoqda. Jumladan: Mexanika-mashinasozlik fakulteti kafedralarining etakchi xorijiy muassasalari bilan hamkorlik aloqalari kengayib bormoqda. Joriy yilning noyabr  oyida reytingi bo‘yicha jahonning 1000 ta nufuzli oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatida 487-o‘rinni egallab turgan M.O.Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston Davlat Universiteti professorlari B.N.Korganbayev va A.A.Volnenko lar “Texnologik mashina va jihozlar” ta’lim yo‘nalishi talabalari uchun ma’ruza, amaliy mashg‘ulotlar, shuningdek yosh professor-o‘qituvchilar, magistrlar uchun master-klasslar o‘tkazishdi.

           Oxirgi yillarda fakultet professor-o‘qituvchilari tomonidan yaratilgan 10 dan ortiq darslik va o‘quv qo‘llanmalardan institutda va  kasb-hunar kollejlarida keng foydalanilmoqda. Fakultet tarkibida ilmiy salohiyatni ko‘tarish maqsadida “Mashinasozlik texnologiyasi va avtomatlashtirish” kafedrasida 5 nafar, “Texnologik mashina va jihozlar” kafedrasida 2 nafar, “Yer usti transport tizimlari va ularning ekspluatatsiyasi” kafedrasida 2 nafar, “Tadbiqiy mexanika” kafedrasida 3 nafar o‘qituvchi, “Oliy matematika” kafedrasida 3 nafar o‘qituvchilar doktorlik dissertatsiyasi himoyasi rejalashtirilgan.

         Fakultetda ma’naviy-ma’rifiy ishlar tasdiqlangan reja asosida, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi me’yoriy hujjatlari doirasida amalga oshiriladi. Fakultetdagi barcha guruhlarga malakali, tajribali va salohiyatli tyutorlar tayinlangan.

Fakultetda reja asosida guruh tyutorlari rahbarligida talabalar shahrimiz teatrlariga, muzeylarga, faxriylar ziyoratiga, shaharda o‘tkaziladigan turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga tashrif uyushtiradilar. O‘quv yili davomida guruh tyutorlari tomonidan “Axborot va murabbiylik soatlari” o‘tkaziladi.

            Fakultet ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy faoliyatining yana bir muhim ko‘rsatkichlaridan biri talabalar ota-onalarining institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar bilan muntazam aloqasini yo‘lga qo‘yish, vaqti-vaqti bilan ularning uchrashuvlarini jonli muloqotlarini o‘tkazish talabalar tarbiyasini yaxshilash, davomatni ko‘tarish ishlarida yaxshi samara bermoqda.

Fakultetda 2018 yil 11-iyulda №21-18 Bitimni amalga oshirish bo`yicha “Yo`l xaritasi”ni bajarish hamda Farg`ona Politexnika instituti va V.G.Shuxov nomidagi Belgorod davlat texnika universiteti bazasida “Texnologik jihozlar va mashinalar” Rossiya-O`zbekiston qo`shma dastur fakultetini ochish yuzasidan muayyan ishlar olib borildi.

 Fakultet kafedralari viloyatda joylashgan 20 dan ortiq yirik ishlab chiqarish korxonalari va tashkilotlari bilan ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish sohasida aloqalarni o‘rnatgan. Bular, “Farg‘onaazot” AJ, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi, “Quvasoysement” AJ, “Kvars” AJ, “Qo‘qon mexanika zavodi” AJ, “Avtooyna” MCHJ, Yevraziya TAPO Disk QK AJ va boshqalar. Bu korxonalarning uchtasida mutaxassis chiqaruvchi kafedralarning filiallari mavjud. Bitiruvchilarimiz Farg‘ona vodiysidagi barcha ishlab chiqarish korxonalari, tashkilotlar va turli muassasalarda muvaffaqiyat bilan mehnat qilmoqdalar.

Ijtimoiy muhitni sog‘lomlashtirish bo‘yicha fakultet talabalari muammolarini o‘z vaqtida aniqlashtirish va hal qilishga qaratilgan “Taklif va mulohazalar” qutisi tashkil etilgan va so‘rovnomalar olinib tahlil qilinmoqda.

      Fakultetdagi iqtidorli talabalarni izlab topish, ularni turli tanlov va musobaqalarga jalb etish, nomdor stipendiyatlar tayyorlashda  keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev tomonidan yoshlarni bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va qobiliyatlarini yuzaga chiqarishni ko‘zlab ilgari surgan 5 ta muhim tashabbus doirasida fakultetda “Tillo bolalar” QVZ jamoasi, “Yangi avlod” teatr studiyasi, sport turlari bo‘yisha chempionatlar, kompyuter texnologiyalari, kitobxonlikni targ‘ib qilish, talabalar turar joyida qizlar uchun “Tikuvchilik”, shuningdek xorijiy tillar va fan to‘garaklari faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, fakultet tarkibidagi barcha kafedralar talabalar turar joyida “Kafedra kunlari”ni o‘tkazishi an’ana tusini olgan, “Zukko kitobxon”, “Zakovat” klublari, chet tillari va tikuvchilik to‘garaklari faoliyat ko‘rsatmoqda.

 

Bitiruvchilarimiz Farg‘ona vodiysidagi barcha ishlab chiqarish korxonalari, tashkilotlar va turli muassasalarda muvaffaqiyat  mehnat qilmoqdalar

Foydali havolalar

Farg'ona Politexnika Instituti