Salomov O'ktam Rahimovich


Farg'ona politexnika instituti rektori

Salomov O’ktam Raximovich 1977 yilning 20 yanvar kuni Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida ziyolilar oilasida tug’ilgan. 1994 yilda maktabni muvaffaqiyatli bitirgach Toshkent Davlat universitetiga o’qishga qabul qilingan.

Talabalik yillarida,1994-1999 yillarda u  ustozlari rahbarligida  fizika fanining sir-asrorlarini chuqur o’rgangan va 1999 yilda O’zbekiston Fanlar Akademiyasining Issiqlik fizikasi bo’limi aspiranturasiga qabul qilingan. 2003-2004 yillarda esa ilmiy izlanishlarini Frantsiya davlatining Pyer va Mariya Kyuri nomidagi 6-Parij universiteti aspiranturasida davom ettirgan. 2004 yilda shu yerda nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan.

2004-2008 yillarda yosh olim O’.R.Salomov O’zbekiston Fanlar Akademiyasining Issiqlik fizikasi bo’limida kichik ilmiy xodim lavozimida faoliyat ko’rsatgan hamda 2008-2010 yillarda shu yerda u doktoranturani o’tagan. Doktoranturadan so’ng u 2010-2011 yillarda Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida yangi loyihalar bo’yicha muxandis lavozimida ishlagan.

Ilmiy izlanishlarga bo’lgan ishtiyoq uni 2011 yilda Italiyaning Turin politexnika universiteti doktoranturasiga yetaklagan va 2014 yilda ilmiy izlanishlarini muvaffaqiyatli yakunlab doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan va unga doktorlik ilmiy darajasi berilgan.

2014 yilda u Toshkentga qaytib, o’zi uchun qadrdon bo’lib qolgan Turin politexnika universitetida dastlab yangi loyihalar bo’yicha muhandis, so’ngra kafedra dotsenti, o’quv ishlari bo’limi boshlig’i lavozimlarida faoliyat ko’rsatgan.

O’.R.Salomovdagi ilmiy salohiyat, rahbarlarga hos qat’iyat va ustozlarga hos fazilatlarini sezgan Davlatimiz rahbarlari uni 2016 yilda Andijon mashinasozlik instituti rektori lavozimiga tayinlashgan. Bu dargohda u 2019 yilgacha yoshlarga bilim berish, ilmiy salohiyatni ko’tarish va xalqaro aloqalarni rivojlantirish yo’lida samarali mehnat qilgan.

 2019-2020 yillarda u Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti rektori, 2020-2021 yillarda O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o’rinbosari lavozimlarida ishlagan.

2021 yilning 14-yanvar kunidan boshlab u Farg’ona politexnika instituti rektori lavozimiga tayinlangan.

O’.A.Salomov katta oilaning boshlig’i, to’rt nafar farzandning otasi. U o’zbek, rus va ingliz tillarini mukammal biladi.

 

Foydali havolalar

Farg'ona Politexnika Instituti