Qabul sinovlarini o'tkazish dasturi



SUHBAT JARAYONINI TASHKIL ETISH VA O‘TKAZISH

Suhbat komissiyasi 9 nafardan kam bo‘lmagan tarkibda tuziladi va uning tarkibiga kadrlarning asosiy ish beruvchilari bo‘lgan tashkilotlar va idoralarning mas’ul xodimlari, hamda oliy ta’lim muassasasining tegishli soha bo‘yicha professor- o‘qituvchisi kiritiladi.

Suhbat jarayoni to‘liq va sifatli videokuzatuv ostida o‘tkazilishi va videoyozuvlar kamida uch yil oliy ta’lim muassasasida saqlanadi.

Suhbat o‘tkazish muddatlari suhbat jarayonlari boshlanishidan kamida bir hafta oldin oliy ta’lim muassasasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

Belgilangan muddatlarda suhbatga kelmagan bitiruvchilarga shu o‘quv yili uchun qayta suhbat o‘tkazilmaydi va ular oliy ta’lim muassasasi bakalavriat ta’lim yo‘nalishining 2-bosqichidan o‘qishga qabul qilinmaydi.

Suhbat jarayonida bitiruvchilarning har biriga quyidagi mavzular

bo‘yicha bittadan jami to‘rtta savol beriladi:                             

- mamlakatda o‘z sohasiga oid amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyati va ahamiyatini tushunish;

- bakalavriat ta’lim yo‘nalishini tanlashda motivatsiya (soha kasbining mohiyati va ijtimoiy ahamiyatini tushunish, unga doimiy qiziqish ko‘rsatish);

- shaxsiy-kasbiy xususiyatlar (o‘qishga qobiliyat, kasbiy vazifalarni hal qilishda amaliy faoliyat, intizomlilik, hamjihatlik, mas’uliyatlilik, qaror qabul qilishda mustaqillik darajasi, shaxsiy yutuqlar mavjudligi, shuningdek, o‘z ustida ishlash va ijodkorlik qobiliyatlari);

- tanlangan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi sohasidagi bilim va kasbiy ko‘nikmalarning mavjudligi.

Jami to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ball 100 ballni tashkil etadi.

Mazkur savollar bo‘yicha baholash mezonlari tegishli oliy ta’lim muassasasi tomonidan ishlab chiqilib, tasdiqlanadi hamda ularning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi.

Savollar oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan ishlab chiqilib, qabul komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadi.

Suhbat jarayonida Suhbat komissiyasining har bir a’zosiga ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq namunaviy shakldagi bitiruvchining suhbat natijalarini qayd etish varag‘i (keyingi o‘rinlarda - suhbat natijalarini qayd etish varag‘i) beriladi.

Suhbat komissiyasi a’zolari tomonidan suhbat natijalarini qayd etish varag‘iga har bir bitiruvchi bilan o‘tkazilgan suhbat natijasiga ko‘ra ball belgilab boriladi va imzolanadi.

Muayyan ta’lim yo‘nalishi (guruh) bo‘yicha suhbat jarayoni yakunlangach Suhbat komissiyasi a’zolari tomonidan to‘ldirilgan suhbat natijalarini qayd etish varaqlaridagi ballar hisoblab chiqiladi va shu asosida ushbu Nizom 3-ilovasiga muvofiq namunaviy shakldagi bitiruvchi bilan o‘tkazilgan suhbatning yakuniy natijalarini qayd etish varag‘i (keyingi o‘rinlarda - suhbatning yakuniy natijalarini qayd etish varag‘i) to‘ldirilib, Suhbat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

Suhbat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan suhbatning yakuniy natijalarini qayd etish varag‘iga asosan Suhbat komissiyasining ishtirok etgan a’zolari tomonidan qo‘yilgan ballarning o‘rtachasi 56 ball va undan yuqori bo‘lganda abiturient suhbatdan o‘tgan hisoblanadi.

Muayyan ta’lim yo‘nalishi (guruh) bo‘yicha o‘tkazilgan suhbat natijalariga ko‘ra suhbatdan o‘tganlar ro‘yxati shu kunning o‘zida abiturientlarga o‘qib eshittiriladi.

Oliy ta’lim muassasasida suhbatlar o‘tkazilishi davrida belgilangan tartibda apellyasiya shikoyatlarini ko‘rib chiqish uchun apellyasiya komissiyasi tashkil etiladi.

Apellyasiya shikoyatlari suhbat natijalari e’lon qilingan vaqtdan boshlab 24 soat ichida oliy ta’lim muassasasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yozma shaklda yoki Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy veb-sayti orqali onlayn shaklda qabul qilinadi va appelyasiya komissiyasi tomonidan murojaat qilganlarning sonidan kelib chiqqan holda bir kundan uch kungacha bo‘lgan muddatda videoyozuv asosida ko‘rib chiqiladi.

Suhbat komissiyasining suhbat natijalarini qayd etish hamda suhbatning yakuniy natijalarini qayd etish varaqlari uch yil oliy ta’lim muassasasida saqlanadi.

 

Foydali havolalar

Farg'ona Politexnika Instituti